+998 71 200 02 35

Qisqa muddatli professional o‘qitish kurslari


YURIDIK KADRLARNI XALQARO STANDARTLAR BO‘YICHA QISQA MUDDATLI PROFESSIONAL O‘QITISH KURSLARI

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 19-martdagi “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan “Yuridik kadrlarni xalqaro standartlar bo‘yicha qisqa muddatli professional o‘qitish kurslari to‘g‘risida”gi nizom asosida yuridik kadrlarni xalqaro standartlar asosida qisqa muddatli professional tayyorlash kurslari tashkil etiladi.

I. Kursning  maqsad va vazifalari

1.1. Kursning maqsadi:

Yuridik kadrlarning xalqaro standartlarga muvofiq bilim va malakalarini oshirish, investitsiya va tijorat faoliyatida xalqaro huquq asoslarini, ularning xalqaro huquqiy amaliyot va zamonaviy yuridik texnologiyalar sohasidagi kompetensiyalarini shakllantirish hamda xalqaro miqyosda O‘zbekiston Respublikasi manfaatlarini munosib ifoda eta oladigan yuridik kadrlarni xalqaro standartlar bo‘yicha professional o‘qitish.

1.2. Kursning asosiy vazifalari:

a) yuridik kadrlarning xalqaro huquq sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini tizimli ravishda oshirish;

b) xalqaro huquqiy tizimlar, xalqaro shartnomalarda ishtirok etish tartibi, shartnomalarni tuzish va ularni sharhlash masalalari bo‘yicha yuridik kadrlarning malakasini oshirish;

v) yuridik kadrlarning xalqaro iqtisodiy, tijorat, investitsiya nizolarini hal etish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish;

g) xalqaro xususiy, tijorat huquqi, xalqaro arbitrajning moddiy va protsessual huquq normalarini qo‘llash mexanizmlarini o‘rgatish;

d) yuridik kadrlarning xalqaro yuridik hujjatlarni tayyorlash, tahlil qilish va qo‘llash bo‘yicha malakasini oshirish;

e) ilg‘or advokatlik texnikasi, aktivlarni xalqaro qidirish va qaytarish, xalqaro tergov qilish va korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga rioya qilish hamda boshqa shu kabi muayyan sohaga oid bilim va ko‘nikmalarni rivojlantirish;

j) ingliz huquqi elementlari asosida tinglovchilarning sud pretsedenti, odat huquqi, shartnoma huquqi, arbitraj tartib-taomillari, investitsiya huquqi, advokatlik texnikasi, nizolarni muqobil hal qilish asoslari va boshqa shu kabi sohalar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirish.

II. Qisqa muddatli professional o‘qitish kurslarining yo‘nalishlari

Qisqa muddatli professional o‘qitish kurslari quyidagi asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha tashkil etiladi:

1. Tayanch kurs;

2. Sohaviy kurs;

3. Ingliz huquqining fundamental asoslari bo‘yicha kurs.

III. Kurslarni tashkil etish shakllari va davomiyligi

3.1. Kurslarni tashkil etish shakllari:

Qisqa muddatli professional o‘qitish kurslari quyidagi shakllarda tashkil etiladi:

  • An’anaviy  shakl;
  • Masofaviy ta'lim texnologiyalarini qo‘llangan holda;
  • Aralash (blended) o‘qitish shakli.

3.2. Kurslarning davomiyligi:

Professional o‘qitish kurslarida o‘qish muddati va auditoriya mashg‘ulotlarining davomiyligi Institut tomonidan o‘quv dasturlaridan kelib chiqqan holda belgilanadi.

IV. Kurs tinglovchilari kontingenti

Kurslarga quyidagi yuridik kadrlar qabul qilinadi:

  • davlat organlari va muassasalarining yuridik bo‘lim xodimlari;
  • sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari;
  • advokatlar;
  • notariuslar;
  • yuridik soha o‘qituvchi va professorlari;
  • huquqshunoslik yo‘nalishidagi bakalavr va magistratura bitiruvchilari;
  • xalqaro tashkilotlar, xorijiy kompaniyalar va investitsiya loyihalarida ishlash uchun nomzodlar.

Kurs kontingentini shakllantirish va yuridik ta’lim olishga keng imkoniyat yaratish maqsadida zaruratga ko‘ra Institut tomonidan kurslarga qabul yuzasidan barcha uchun ochiq e’lon berilishi, kurslarda o‘qish istagini bildirgan talabgorlar o‘qishga qabul qilinishi mumkin.

V. Kurslarni amalga oshirish mexanizmlari

5.1. Kadrlar bilan ta’minlash:

Institutda o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazish uchun asosan xorijiy yuristlar va tegishli chet el mutaxassislari shartnoma asosida jalb etiladi.

Kurslarda mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun quyidagi mutaxassislar jalb qilinadi:

  • xalqaro huquq sohasidagi yetakchi mutaxassislar;
  • xorijiy universitetlar va xalqaro tashkilotlar ekspertlari;
  • xorijiy davlatlarning yuridik kadrlarni tayyorlash sohasida tajribaga ega mutaxassislari;
  • xalqaro huquq sohasida amaliy tajribaga ega oliy malakali yuridik kadrlar.

Yuridik kadrlarni xalqaro standartlar bo‘yicha qisqa muddatli professional o‘qitish kurslarida dars mashg‘ulotlarini olib borish uchun “White and Case”, “Foley Hoag”, “Sidley Austin”, “Vinson & Elkins”,  “Willkie Farr & Gallagher”, “Eldwick Law” va “Dentons” kabi dunyoga taniqli yuridik kompaniyalardan malakali advokatlar va amaliyotchi-mutaxassislar jalb etiladi.

5.2. Moliyalashtirish:

Qisqa muddatli professional o‘qitish kurslari quyidagi manbalar hisobidan moliyalashtiriladi:

  • davlat byudjeti mablag‘lari;
  • xalqaro grant dasturlari va loyihalar;
  • homiylik mablag‘lari;
  • tinglovchilar yoki ularni yuboruvchi tashkilotlar tomonidan tolovlar.

VI. Kutilayotgan natijalar

Kurslarni amalga oshirish natijasida quyidagi natijalar kutiladi:

1. Yuridik kadrlarning xalqaro standartlar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalari takomillashtiriladi.

2. Xalqaro huquq sohasida malakali mutaxassislar tayyorlanadi, ular xalqaro shartnomalar, xalqaro arbitraj, inson huquqlari va boshqa sohalarda samarali faoliyat yurita oladi.

3. O‘zbekiston Respublikasi yuridik kadrlarining xalqaro raqobatbardoshligi oshadi.

4. Milliy qonunchilikni xalqaro standartlarga moslashtirish jarayonida yuridik kadrlarning ishtiroki kengayadi.

5. Xalqaro tashkilotlar, xorijiy investorlar va kompaniyalar bilan huquqiy munosabatlar samaradorligi oshadi.

6. Respublikada xalqaro huquq sohasidagi ilmiy tadqiqotlar rivojlanadi.

7. Xalqaro maydonda O‘zbekiston Respublikasining huquqiy salohiyati va imidji mustahkamlanadi.

VII. Kurs yakuni natjalari

 

Kurslarni muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilarga Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan namunadagi sertifikat beriladi. Kursni muvaffaqiyatli tugatgan tinglovchilar xorijiy mamlakatlarga stajirovkaga yuborilishi mumkin. Stajirovka, qoida tariqasida, 2-3 oygacha bo‘lgan muddatda tashkil etadi.