ASOSIY MA’LUMOT
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi 1997 yilda tashkil etilgan.
Markazni barpo etishdan maqsad - hokimiyat va huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning yuqori malakali kadrlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, zamonaviy bilimlar asosida huquqshunos xodimlarning kasbiy tayyorgarligi hamda ularni qayta tayyorlashni tubdan yaxshilash, shuningdek, huquqshunoslik sohasidagi ilmiy tadqiqotlarning saviyasini oshirishdir.
Markazda adliya, sud, prokuratura, advokatura hamda hokimiyat idoralari, mulkchilik shaklidan qat’iy nazar korxonalar, muassasalar va tashkilotlar yuridik xizmatining oliy ma’lumotli xodimlari, yosh mutaxassislar va rahbarlik lavozimiga zahiraga olingan xodimlar, shuningdek huquqshunoslik fani o‘qituvchilari o‘zlarining malakalarini oshiradilar.
O‘quv va ilmiy ishlarning muhim masalalarini ko‘rib chiqish uchun Markazning Ilmiy kengashi faoliyat olib boradi. Huquqshunoslik tarmoqlari bo‘yicha o‘quv dasturlari zamonaviy talablar darajasida tuzilgan bo‘lib, ular huquqiy fanlarning so‘ngi yutuqlari bilan boyitilib borilmoqda. O‘quv dasturlarini tuzishda tinglovchilarning fikr va mulohazalarini e’tiborga olish, o‘quv natijalari bo‘yicha anketa to‘ldirish, o‘qituvchilarning reytingini aniqlash amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan.
O‘quv mashg‘ulotlarini rejalashtirish va o‘tkazishda O‘zbekiston qonunchiligidagi o‘zgarishlar va yangiliklarni chuqur o‘rganishga katta e’tibor beriladi. Tinglovchilar tomonidan dasturlarni o‘zlashtirishga bo‘lgan talab kuchaytirilib, ular tomonidan tanlangan mavzular bo‘yicha referatlar topshiriladi. Imtihon va sinovlarga O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Oliy xo‘jalik sudi, Adliya vazirligidan malakali mutaxassislar jalb qilinib, tajribali amaliyot xodimlarining ham ishtirok etishlari an’anaga aylangan. O‘qish davrida tinglovchilarning fanlarni o‘zlashtirishi, shuningdek ularning kasb etikasi nazorat qilib boriladi.
Darslarni chuqur o‘zlashtirgan va faol tinglovchilarni rag‘batlantirish, uzrsiz sabablarga ko‘ra mashg‘ulotlarga qatnashmagan yoki fanlarni o‘zlashtira olmagan holatlar haqida tinglovchining ish joyiga xabar qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan.
Maxsus fanlar bilan bir qatorda Markazda informatsion texnologiyalarning zamonaviy yutuqlaridan foydalanishga oid ma’ruzalar, kompyuter va elektron aloqa usullarini o‘rgatishga oid amaliy mashg‘ulotlar, lotin imlosiga asoslangan o‘zbek yozuvini o‘rganish bo‘yicha ham darslar olib boriladi.
Tinglovchilar maxsus predmetlar bilan bir qatorda milliy istiqlol g‘oyasi, huquqiy madaniyatni yuksaltirish, inson huquqlariga oid xalqaro normalar va ularning O‘zbekiston qonunchiligida aks ettirilishi masalalarini ham o‘rganib borishlari yo‘lga qo‘yilgan.
Markaz O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan dissertatsiyalar muhokamasini o‘tkazadigan o‘quv muassasalari qatoriga kiritilgan. Markaz ilmiy kengashida har yili 30 dan ortiq doktorlik va nomzodlik dissertatsiyalari muhokama qilinadi va ular bo‘yicha xulosalar beriladi.
Markazda o‘quv jarayonini tashkillashtirishda o‘qitilayotgan fanlarning eng so‘nggi yangiliklari va mazkur fanlar bo‘yicha amalga oshirilayotgan tadqiqotlar e’tiborga olinmoqda. Dasturlarda, o‘quv uslubiy qo‘llanmalarda, ma’ruza matnlarida milliy va xalqaro qonunchilikdagi yangiliklar, uni qo‘llash bo‘yicha uslubiy ko‘rgazmalar bilan bir qatorda, amaliyotda yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf qilish yo‘llari keng muhokama qilinmoqda.
Markaz tomonidan respublikadagi barcha ilmiy va boshqa ta’lim maskanlari bilan bir qatorda rivojlangan mamlakatlarning ijobiy tajribasidan foydalanish maqsadida Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston, MDH ga kiruvchi boshqa respublikalar, shuningdek sharqiy Yevropa davlatlaridagi malaka oshirish va yuridik ta’lim muassasalari bilan yaqin aloqalar o‘rnatilgan. Mazkur muassasalar bilan o‘zaro foydali asoslarda o‘quv dasturlari almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan, uchrashuvlar va konferentsiyalar o‘tkazib boriladi.
Markaz tinglovchilarning kasbiy yo‘nalishiga monand ravishda o‘quv jarayoniga tajribali amaliyotchi xodimlarni ko‘proq jalb qilinadi. Bular yuridik malaka oshirish uchun mas’ul bo‘lgan Adliya vazirligi, Oliy sud, Oliy xo‘jalik sudi, Oliy Majlis va Senat qo‘mitalari, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, Respublika Ilmiy-tadqiqot kriminalistika Markazi, Davlat Arxiv boshqarmasi, Respublika Oila Markazi va boshqa shu kabi idoralarning tajribali mutaxassislaridir.
Markazda: Fuqarolik-huquqiy fanlari, Jinoiy-huquqiy fanlari, Davlat-huquqiy fanlari, Xalqaro-huquqiy va inson huquqlari fanlari, O‘zbekistonda demokratik jamiyat qurish nazariyasi va amaliyoti kabi kafedralar faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu beshta kafedrada hozirgi kunda 9 ta yuridik fanlari doktorlari, professorlar, 12 nafar yuridik fanlari nomzodlari, dotsentlar va 27 nafar malakali o‘qituvchilar mehnat qilib kelishmoqda. O‘quv mashg‘ulotlarini olib borish uchun ixtisoslashgan auditoriyalar, kompyuter va test sinflari, kutubxona va majlislar zallari mavjud.
Har bir malaka oshirish kursining yakuniga ko‘ra o‘quv dasturini to‘liq o‘zlashtirgan, sinov va imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tgan tinglovchilarga belgilangan shaklda sertifikat beriladi. Malaka oshirish ishlab chiqarishdan ajralmagan holda olib boriladi, ya’ni tinglovchining ish joyi va maoshi saqlanib qoladi. Markazda malaka oshirish sud va adliya idoralari xodimlari uchun bepul. Tinglovchilarning safar xarajatlari, ularni o‘qishga yo‘llagan muassasalar tomonidan qoplanadi.
Hozirgi kunda malaka oshirish va qayta tayyorlash muddatining davomiyligi tinglovchilar faoliyatining sohasi va yo‘nalishini e’tiborga olgan xolda 15 kunlik, 1 oylik va 3 oylik qilib belgilangan. Masalan, jinoyat va fuqarolik ishlari bo‘yicha tuman va viloyat sudlari sudyalari uchun 1 oylik, bu sudlar raislari va rais o‘rinbosarlari uchun 15 kunlik kurslar tashkil qilingan. Xuddi shuningdek, FHDYo xodimlari va notariuslar 1 oylik, ularning rahbarlari esa 15 kunlik muddatlarda malaka oshiradilar. Xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning yuridik xizmati xodimlari va xuquqshunos o‘qituvchilar uchun ham 15 kunlik malaka oshirish kurslari tashkil qilingan. 2007 yildan boshlab jinoiy, fuqarolik ishlari bo‘yicha harbiy va xo‘jalik sudyaligiga ilk bor tayinlanadigan xodimlar uchun 3 oylik qayta tayyorlash kurslari tashkil qilindi.
Markazning o‘quv-uslubiy faoliyatida O‘zbekiston Respublikasida sud-huquq islohotlarini yanada takomillashtirishga qaratilgan qonunlar, ularga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar asosida yangi o‘quv dasturlari ishlab chiqish va ular bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlarni olib borishga katta e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005 yil 1 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasida o‘lim jazosini bekor qilish to‘g‘risida”gi va 2005 yil 8 avgustdagi «Qamoqqa olishga sanktsiya berish huquqini sudlarga o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmonlarini o‘rganish maqsadida Markaz tomonidan ularning tarixiy va xalqaro ahamiyatini ochib berish, hamda ijrosini ta’minlash mexanizmlari bo‘yicha maxsus dastur ishlab chiqildi.
www.gov.uz |
www.minjust.uz |
www.lex.uz
Вы являетесь:

посетителем нашего сайта.