OLIY MA’LUMOTGA EGA BO‘LGAN SHAXSLARNI YURIDIK MUTAXASSISLIK BO‘YICHA QAYTA TAYYORLASH KURSLARI.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 19-martdagi “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan “Oliy ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslarni yuridik mutaxassislik bo‘yicha qayta tayyorlash kurslari to‘g‘risida”gi nizom asosida oliy ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslarni yuridik mutaxassislik bo‘yicha qayta tayyorlash kurslari tashkil etiladi.
Oliy ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslarni yuridik mutaxassislik bo‘yicha qayta tayyorlash kurslari— davlat organlari va tashkilotlarining yuridik ma’lumot hamda bilim talab etadigan kasb va lavozimlarida faoliyat yuritish uchun yetarli darajadagi bilim olish va ko‘nikma shakllantirishni nazarda tutadigan oliy ta’limdan keyingi o‘qitish shakli hisoblandi.
I.Kursning maqsadi
Davlat organlari va tashkilotlarining yuridik ma’lumot hamda bilim talab etadigan kasb va lavozimlarida faoliyat yuritish uchun yetarli darajadagi bilim va ko‘nikmaga ega kadrlarni tayyorlash hamda tegishli davlat organlari va tashkilotlaridagi bo‘sh o‘rinlarini professional kadrlar bilan to‘ldirish.
II.Kurslarda qabul jarayonlarini tashkil etish tartibi
Qabul jarayonlarida talabgorlar tegishli hujjatlarni Institut tomonidan yaratilgan maxsus veb-sayt orqali ta’lim olish tilini belgilagan holda, qayta tayyorlash kurslariga qabul qilish haqidagi elektron arizani onlayn rejimda to‘ldiradi (talabgorlar hujjatlarini topshirish uchun bevosita Institut binolariga kelishlari talab etilmaydi).
III.Kurslarda kimlar o‘qishi mumkin
Oliy ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslarni yuridik mutaxassislik bo‘yicha qayta tayyorlash kurslarida barcha oliy ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslar ta’lim olishlari mumkin. (ma’lumot uchun: ushbu kursda o‘qish uchun oliy ma’lumot yo‘nalishlari bo‘yicha talablar mavjud emas ya’ni talabgorlardan istalgan oliy ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha bakalavr darajasi talab etiladi).
IV.Kirish imtihonlari va uni o‘tkazish tartibi
Ushbu kursda ta’lim olish niyatida bo‘lgan talabgorlardan tinglovchilarni saralab olish suhbat shaklidagi imtihon orqali amalga oshiriladi. Kirish imtihonlari yuridik kasbni tanlashning asoslantirilishi, huquq sohasidagi tayanch bilimlar va tahliliy fikrlashni aniqlash nuqtai nazaridan o‘tkaziladi.
V.Kursda ta’lim shakli
Kurslarga bir yilda ikki marotaba qabul tashkil etilib, ulardan biri an’anaviy ikkinchisi esa masofaviy ta’lim shaklida tashkil etiladi. Masofaviy ta’lim shaklidagi qayta tayyorlash kurslari uchun qabul har yilning aprel, an’anaviy ta’lim shaklidagi kurs uchun esa oktabr oylarida tashkil etiladi.
An’anaviy ta’lim shaklida tahsil olayotgan tinglovchilar uchun o‘quv mashg‘ulotlari bevosita auditoriyalarda ishdan ajralgan holda tashkil etiladi.
Masofaviy ta’lim shaklida o‘qiyotgan tinglovchilar uchun o‘quv jarayonlari ishlab chiqarishdan ajralmagan holda onlayn (real vaqt rejimida) hamda oflayn (videoma’ruzalar, mavzuga doir ma’ruzalar matni, assesment topshiriqlari, amaliyot materiallari tahlili, kichik nazorat ishini bajarish orqali tegishli o‘quv-metodik resurslarni mustaqil ravishda o‘zlashtirish tarzida tashkil etiladi.
VI.Kursda o‘quv jarayonlarining davomiyligi
Qayta tayyorlash kurslarida o‘qitishning davomiyligi, qoida tariqasida, olti oyni tashkil etadi. An’anaviy va masofaviy ta’lim shakllarida ham kursning davomiyligi umumiy tartibda o‘zgarmaydi.
VII.Kursda o‘quv mashg‘ulotlarini olib boradigan professor-o‘qituvchilar
Kurslarda o‘quv mashg‘ulotlarini Institut professor-o‘qituvchilari hamda zamonaviy pedagogika texnologiyalarini qo‘llay oladigan sudyalar, advokatlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari va boshqa amaliyotchi mutaxassislarni, mahalliy hamda xorijiy professor-o‘qituvchilar shartnoma asosida soatbay va o‘rindoshlik shartlarida jalb etish rejalashtirilgan.
VIII.Kurs yakuni
Kurs yakunlari bo‘yicha Davlat attestatsiyasidan muvaffaqiyatli o‘tgan tinglovchilarga davlat namunasidagi diplom beriladi.