+998 71 200 02 35

Oʼzbekiston Respublikasi Аdliya vazirligi huzuridagi Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti haqida asosiy maʼlumot


Oʼzbekistonda kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash uzluksiz taʼlim tizimining mustaqil bosqichi hisoblanadi. Huquqshunos kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish sohasida Oʼzbekiston Respublikasi Аdliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi muhim oʼrin egallaydi.

Oʼzbekiston davlat mustaqilligiga erishgandan soʼng huquqshunos kadrlarga boʼlgan ehtiyoj yanada ortib, zamonaviy yurist kadrlarga qoʼyiladigan talab ham oʼzgardi. Istiqlolning dastlabki yillarida bozor iqtisodiyotiga asoslangan demokratik huquqiy davlat qurish va erkin fuqarolik jamiyati barpo etishdek murakkab jarayonlarning huquqiy jihatlarini taʼminlab berishga qodir boʼlgan mutaxassislar kerak edi.

Shu sababli Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994 yil 19 yanvardagi “Oʼzbekiston Respublikasi adliya opganlapi va sudlapi faoliyatini tashkil etish masalalapi toʼgʼrisida”gi 18-sonli qarori bilan adliya xodimlari malakasini oshirish respublika kurslari negizida Sud va adliya organlari xodimlari malakasini oshirish instituti tashkil qilindi. Davlat hokimiyati va huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning yuqori malakali kadrlarga boʼlgan ehtiyojini qondirish, zamonaviy bilimlar asosida huquqshunos xodimlarning kasbiy tayyorgarligini hamda ularni qayta tayyorlashni tubdan yaxshilash, shuningdek, huquqshunoslik sohasidagi ilmiy tadqiqotlar saviyasini oshirish maqsadida Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 1997 yil 25 iyundagi “Huquqiy tarbiyani yaxshilash, aholining huquqiy madaniyati darajasini yuksaltirish, huquqshunos kadrlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish, jamoatchilik fikrini oʼrganish ishini yaxshilash haqida”gi UP-1791-sonli Farmoni asosida Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997 yil 21 iyuldagi 364-sonli qarori bilan Аdliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ma’muriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining mas’uliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish to‘g‘risida” 2024-yil 24-maydagi PF-80-son Farmoni ijrosini ta’minlash, shuningdek, adliya organlari va muassasalari xodimlari, yuridik xizmat, advokatura, notariat, mediatsiya, intellektual mulk, sud ekspertizasi, arxiv ishi va ish yuritish hamda boshqa soha mutaxassislarini uzluksiz kasbiy rivojlantirishning zamonaviy tizimini yo‘lga qo‘yish hamda ularni o‘qitishni xalqaro tajriba va zamonaviy ta’lim standartlari talablaridan kelib chiqqan holda takomillashtirish maqsadida Vazirlar mahkamasi tomonidan 2025-yil 19-martda 171-son qaror qabul qilindi. Hamda ushbu qaror bilan Markaz oz faoliyatini Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti shaklida qayta tashkil etildi.

Unga ko‘ra  quyidagilar Institutning asosiy vazifalari etib belgilandi:

zamonaviy talablar va jarayonlarni hisobga olgan holda adliya organlari va muassasalari xodimlari, yuridik xizmat, advokatura, notariat, sud ekspertizasi, arxiv ishi va ish yuritish, ijro intizomi, murojaatlar bilan ishlash, mediatsiya va intellektual mulk sohalari mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;

buyurtmachilarga malaka oshirish shakllarini kasbiy ehtiyojdan kelib chiqqan holda mustaqil tanlash imkoniyatini yaratish;

kasbiy o‘qitishning ish jarayoni bilan birgalikda amalga oshiriladigan shakllarini (dual ta’lim) joriy qilish va takomillashtirib borish;

xalqaro miqyosda O‘zbekiston Respublikasi manfaatlarini munosib ifoda eta oladigan yuridik kadrlarni xalqaro standartlar bo‘yicha professional o‘qitish;

oliy ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslarni yuridik mutaxassislik bo‘yicha qayta tayyorlash;

umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarida huquqiy fanlardan dars beradigan, oliy noyuridik ma’lumotga ega pedagog kadrlarni qayta tayyorlash, shuningdek, professional va oliy ta’lim tizimida huquqiy fanlardan dars beradigan pedagog kadrlarning belgilangan davriylikka muvofiq malakasini oshirish;

yuridik va noyuridik sohalarda faoliyat yurituvchi davlat xizmatchilari, xususiy sektor hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillarining huquqiy bilimlarini oshirishga qaratilgan o‘quv kurslarini tashkil qilish;

tashkilotlarning ichki hujjatlari, ish yuritish tartiblari, shartnomaviy munosabatlari hamda xodimlarining kasbiy bilim va ko‘nikmalarini yuridik jihatdan tahlil qilgan holda, tashkilotlarning tegishli mutaxassislarini talab va ehtiyojlardan kelib chiqib shartnoma asosida manzilli o‘qitish;

kasbiy rivojlanish uchun raqamli ta’lim resurslarini yaratish, kadrlarning nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarini uzluksiz rivojlantirish hamda davriy baholab borish;

kredit-modul tizimidan foydalangan holda kadrlar salohiyatini oshirish, yuridik ta’limda kazus va keys-texnologiyalar asosida o‘qitishni tashkil etish;

adliya organlari va muassasalari faoliyatini, huquqiy xizmatlar ko‘rsatish, sud ekspertiza, arxiv ishi va ish yuritish sohalarini ilmiy-metodik va konsultativ jihatdan ta’minlash, shuningdek, ularning faoliyat yo‘nalishlarini tahlil qilgan holda yanada takomillashtirish bo‘yicha ilmiy asoslantirilgan takliflar ishlab chiqish;

huquqni qo‘llashdagi muammolar va yurisprudensiyaning eng dolzarb masalalari bo‘yicha fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar loyihalarini, shu jumladan, milliy, xorijiy va xalqaro grantlarni jalb qilgan holda amalga oshirish;

qayta tayyorlash va malaka oshirish jarayoni hamda ilmiy faoliyatga yuqori malakali mahalliy va xorijiy mutaxassislarni keng jalb qilish, pedagogika sohasida ilg‘or tajriba almashish borasida xalqaro hamkorlikni keng yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish.