+998 71 200 02 35

Oʻzbekiston Respublikasi sud hokimiyati tizimida Konstitutsiyaviy sudning oʻrni va ahamiyati

26.04.2024 150

Koʻpchilik davlatlarda boʻlgani singari bizning davlatimizda ham hokimiyat tizimi - qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatlariga boʻlinish prinsipiga asoslangan. Davlat hokimiyat tizimi hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatlariga boʻlinishi Konstitutsiyamizning 11-moddasida ham belgilab qoʻyilganligi shubxasiz mazkur hokimiyatlarning davlatimiz tizimida yuqori ekanligini koʻrsatadi.

  Mazkur hokimiyatlar orasida Sud hokimiyatining oʻz zimmasiga yuklatilgan vakolatlari doirasida odillikni ta’minlashdagi oʻrni yuqoridir. Shu sababli Sud hokimiyatini mustahkamlash va uning oʻrnini yuqori darajaga koʻtarish yuzasidan koʻplab amaliy ishlar qilinib kelinayotgani sir emas. Sud hokimiyati tizimini muvofiqlashtiruvchi Sudlar toʻgʻrisidagi qonunchilik ham takomillashtirilib va unga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilib borilmoqda. “Sudlar toʻgʻrisi”dagi qununning 1-moddasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasida sud tizimi quyidagilarga boʻlinadi:

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi;

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi;

harbiy sudlar;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudi, fuqarolik ishlari bo‘yicha viloyatlar va Toshkent shahar sudlari;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi jinoyat ishlari bo‘yicha sudi, jinoyat ishlari bo‘yicha viloyatlar va Toshkent shahar sudlari;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar iqtisodiy sudlari;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlari;

fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman (shahar) sudlari;

jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudlari;

tumanlararo, tuman (shahar) iqtisodiy sudlari;

tuman (shahar) ma’muriy sudlari;

Yuqoridagi moddada keltirilgan sudlarning barchasi jamiyatimizda odillik va shaffoflikni taminlashdagi ahamiyati yuqoridir. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va boshqa qonunlarda, inson huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro hujjatlarda elon qilingan fuqarolarning huquq va erkinliklarini, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning huquqlari hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini sud yo‘li bilan himoya qilish Sud tizimining asosiy vazifalari hisoblanadi. Sudning faoliyati qonun ustuvorligini, ijtimoiy adolatni, fuqarolar tinchligi va totuvligini ta’minlashga qaratilgandir.

Jismoniy va yuridik shaxslarning konstitutsiyaviy huquqlarini taminlashda, ijro etuvchi va qonun chiqaruvchi hokimiyatlar tomonidan chiqarilayotgan normativ-huquqiy hujjatlarning Konstitutsiyamizga muvofiq va unga zid kelmagan holda chiqarilishida Sud hokimiyati tizimiga kiruvchi Konstitutsiyaviy sudning ham ahamiyati yuqoriligini va kundan-kunga ortib borayotganligini aytib oʻtishimiz mumkin. Konstitutsiyaviy sud bir-qancha davlatlarda sud hokimiyatining muxim boʻgʻini, shuningdek alohida organ sifatida qabul qilinayotgan qonunlar va qarorlarning konstitutsiyaga muvofiqligi yuzasidan oʻz xulosalarini keltirgan holda faoliyat yuritib kelmoqda. Tarixga nazar soladigan boʻlsak, Konstitutsiyaviy sud birinchi marta 1920-yilda Avstriyada tasis qilingan. Shundan soʻng boshqa davlatlarda shu bilan birgalikda bizning yurtimizda ham Sud hokimiyati tizimida Konstitutsiyaviy sud tashkil etilganini etirof etishimiz mumkin. Konstitutsiyaviy sudning tuzilishi, tarkibi va uning faoliyat olib borishi, unga yuklatilgan vazifa va vakolatlari bosh qomusimiz hisoblangan Konstitutsiyamiz va Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisidagi qonunda mustahkam belgilab berilgan.

Mazkur qonunning 3-moddasida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi doimiy faoliyat yurituvchi sud hokimiyati organi bo‘lib, qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyat hujjatlarining Konstitutsiyaga muvofiqligi to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rishi belgilab qoʻyilgan.

Shuningdek, Konstitutsiyamiz sudimizga O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisidagi qonunga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi qonunlarining va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlarining, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari va farmoyishlarining, hukumat, mahalliy davlat hokimiyati organlari qarorlarining, O‘zbekiston Respublikasi davlatlararo shartnomaviy va boshqa majburiyatlarining O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaga muvofiqligini aniqlash,  O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiya va qonunlari normalariga sharh berish, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining muayyan ishda qo‘llanilishi lozim bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarning O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaga muvofiqligi to‘g‘risida sudlar tashabbusi bilan kiritilgan murojaatini ko‘rib chiqish, konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari muayyan ishda qo‘llanilgan va O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaga muvofiq bo‘lmagan qonunda buzilgan deb hisoblovchi fuqarolar hamda yuridik shaxslarning shikoyatlarini ko‘rib chiqish kabi bir qator vakolatlar berilganini aytishimiz mumkin.

Konstitutsiyaviy sudning davlatimizda chiqarilayotgan normativ hujjatlarning Konstitutsiyaga muvofiqligini ta’minlashdagi ahamiyati yuqoriligini hisobga olgan holda, Konstitutsiyaviy sud toʻgʻrisidagi qonunchilikka oʻzgartirtishlar kiritib borilmoqda. Jumladan Konstitutsiyaviy sud sudyalarining vakolat muddatlariga oʻzgartirish kiritilib, qayta saylanish huquqisiz 10 yillik muddatga saylanishi belgilab qoʻyildi. Shu bilan birgalikda Konstitutsiyaviy sud tomonidan referendumga kiritilishi mumkin masalalarning Konstitutsiyamizga muvofiqligi yuzasidan oʻz xulosalarini berish vakolati berildi. Kiritilayotgan mazkur oʻzgartirishlar va berilayotgan qoʻshimcha vakolatlar Konstitutsiyaviy sudning ijro etuvchi va qonun chiqaruvchi hokimiyatlarning hujjatlarini Konstitutsiyaviyligini ta’minlashdagi vakolatlari bilan xalq va jamiyat manfaatlariga yuqori darajada xizmat qiladi deb bemalol ayta olamiz.

 

Yuristlar malakasini oshirish markazi bosh mutaxassisi

X.Sharipov