+998 71 200 02 35

Faxriylar va yoshlar uchrashuvi

07.05.2024 87

 

Uch avlod uchrashuvlari yoshlar uchun katta tajriba va hayot maktabi bo‘lib xizmat qiladi. Tarix, bugun va kelajakni birlashtira olgan uchrashuvlar keksayu yoshning xotira zarvaraqlarida unitilmas kun bo‘lishi shubhasiz.

Yoshlarni vatanparvarlik va ona yurtga muhabbat, milliy qadriyat va an’analarimizga hurmat, shonli tariximizni chuqur bilish ruhida tarbiyalash maqsadida 9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Markaz faxriylari va Markazda faoliyat yuritib kelayotgan yoshlar ishtirokida “Faxriylar doim e’zozda” mavzusida uch avlod uchrashuvi o‘tkazildi.

Uchrashuvda Markaz direktori Y.Kanyazov, direktorning birinchi o‘rinbosari Sh.Saidov, kafedra mudiri, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Faxriylar kengashi raisi X.Fayziyev, kafedra dotsenti, Yuristlar malakasini oshirish markazi Faxriylar kengashi raisi M.Nasullayev hamda ko‘p yillar davomida adliya sohasi va uning malaka oshirish tizimida mehnat faoliyatini olib borgan faxriylarimiz G.Inamjanova, N.Tillayeva, N.Rasulova, G.Abdullayevalar va Markaz yoshlari ishtirok etishdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan Markaz direktori Kanyazov Yesemurat Sultamuratovich keksa avlod vakillariga hurmat va ehtirom ko‘rsatish milliy qadriyatlarimizdan ekanini ta’kidlab, ularning uzoq yillik samarali xizmatlari davomida orttirgan tajribalari, jasorati va fidoyiligi o‘sib kelayotgan yosh avlod tarbiyasida alohida o‘rin tutishini, ibratli hayot yo‘llari esa yoshlarda g‘ayrat-shijoatni, elu yurtidan g‘ururlanish tuyg‘usini kuchaytirishga xizmat qilishini ta’kidladilar.

Faxriylar hayoti va mehnat faoliyati davomida to‘plagan boy tajribasi, yoshlik davridagi o‘ziga xos qiyinchiliklar, nuroniylik paytida ko‘rsatilayotgan hurmat-ehtirom haqida o‘z dil so‘zlarini, samimiy fikrlarini bildirdilar. Ular yosh avlod vakillarining qiziqtirgan savollariga atroflicha javoblar berishdi. 

 

Tadbir so‘ngida Yuristlar malakasini oshirish markazi tomonidan faxriylarga esdalik sovg‘alari topshirildi.