+998 71 200 02 35

Davlat xizmatchilarning odob-axloq qoidalarining huquqiy asoslari

26.04.2024 173

O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 8-avgustdagi O‘RQ-788-son “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi Qonunning 12-moddasida davlat fuqarolik xizmatchisining majburiyatlari qatorida, “o‘z xizmat majburiyatlarini vijdonan bajarishi, davlat organi tomonidan belgilangan odob-axloq qoidalariga, xizmatga oid axborot bilan ishlash tartibiga, shuningdek davlat fuqarolik xizmatini o‘tash bilan bog‘liq boshqa qoidalarga rioya etishi” belgilangan.

Odob-axloq qoidalariga so‘zsiz rioya qilish, davlat xizmatida yuksak kasbiy madaniyatni shakllantirish, jamoatchilik ongida davlat xizmatiga bo‘lgan hurmat va ishonchni oshirish hamda davlat xizmatchilarining axloq qoidalariga zid bo‘lgan xatti-harakatlarining oldini olishda ahamiyat kasb etadi.

Ushbu masalaning dolzarbligi sababli, ta’kidlangan “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq hamda davlat xizmatchilarining xizmat faoliyatiga oid va xizmatdan tashqari odob-axloqi, jamoatchilik bilan munosabatlariga doir qoidalarga rioya etilishini ta’minlash maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 14-oktyabrda “Davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan odob-aхloq qoidalariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 595-son qarori bilan ilovalarga muvofiq “Davlat fuqarolik xizmatchilari odob-axloqining namunaviy qoidalari” va “Odob-axloq komissiyasi to‘g‘risidagi Namunaviy nizom” tasdiqlandi.

Mazkur Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlangan “Davlat fuqarolik xizmatchilari odob-axloqining namunaviy qoidalari” va “Odob-axloq komissiyasi to‘g‘risidagi Namunaviy nizom” davlat organlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari va boshqa tashkilotlarning markaziy apparati, hududiy va tarkibiy bo‘linmalar xodimlari uchun majburiy bo‘lgan xodimlarning idoraviy odob-axloq qoidalari, shuningdek, Odob-axloq komissiyasi to‘g‘risidagi nizomni ishlab chiqish uchun asos hisoblanadi.

“Davlat fuqarolik xizmatchilari odob-axloqining namunaviy qoidalari”da davlat xizmatchilariga majburiyatlarini bajarishda yangicha talablar keltirilgan. Xususan, qoidalar davlat xizmatchilari tomonidan o‘z kasbiy faoliyatini amalga oshirishda rioya etishlari shart bo‘lgan boshqa prinsiplar qatorida, Vatanga sadoqat va xizmat vazifasiga fidoyilik, yuklangan funksional vazifalarni to‘liq bajarish, ijro intizomiga qat’iy rioya etish, korrupsiyaviy holatlarga murosasiz munosabatda bo‘lish va qarshi kurashish, xizmat sirini qat’iy saqlash va mansab vakolatlarini suiiste’mol qilmasliklari shartligi ta’kidlangan.

Chunonchi, mazkur qoidalar bilan tartibga solinadigan munosabatlar va sohalarga ko‘ra, “Kasbiy madaniyatga oid umumiy odob-axloq qoidalari”, “Xizmat faoliyatiga oid umumiy odob-axloq qoidalari”, “Xizmatdan tashqari odob-axloq qoidalari”, “Jamoatchilik, ommaviy axborot vositalari vakillari bilan munosabatlarga oid odob-axloq qoidalari” va “Xizmat faoliyatidagi ko‘rinishi va kiyinishi uslubiga oid odob-axloq qoidalari” bo‘yicha toifalanadi.

Odob-axloq qoidalarning bunday toifalanishi, davlat xizmatchilari tomonidan qoidalarni aniq tushunishi va ularga samarali rioya qilishlarini ta’minlashga imkon beradi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Binobarin, Davlat xizmatchilarining Odob-axloq qoidalariga rioya etishi ularning faoliyati hamda xizmatdagi axloqini baholashning asosiy mezonlaridan biri hisoblanadi hamda ularni kelgusida yuqori lavozimlarga tayinlash va rahbar kadrlar zahirasini shakllantirishda hisobga olinadi.

Odob-axloq namunaviy qoidalarida ushbu qoidalarga rioya etmaganlik uchun Odob-axloq komissiyasi tomonidan davlat xizmatchilariga ogohlantirish axloqiy ta’sir chorasi qatoriga, “uzr so‘rash yoki rasmiy uzrnoma keltirishni talab qilish” va “davlat organlari va tashkilotlarining kollegial yig‘ilishlarida tanbeh berish” kabi axloqiy ta’sir choralari kiritildi.

Odob-axloq qoidalari davlat xizmatchilarning zamonaviy talablarga javob beradigan bilim va ko‘nikmalarini oshirishda, korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashishda hamda o‘z xizmat vazifalariga vijdonan yondashishi, halol, yuksak professioanal darajada xizmat faoliyatlarini olib borishlarida muhim ahamiyat kasb etadi.

“Buyurtmalar portfeli” va marketingni

shakllantirish bo‘limi boshlig‘i

     Shohida Ergasheva