O‘zbekiston o‘z kelajagi bo‘lgan bolalarni himoya qilish tizimida tub burilish yasamoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2026–2030-yillarga mo‘ljallangan bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni mamlakat ijtimoiy siyosatida muhim tarixiy qadam bo‘ldi. Ushbu hujjat nazariy konsepsiya bilan cheklanib qolmay, balki murakkab hayotiy vaziyatga tushib qolgan bolalar uchun samarali himoya mexanizmlarini belgilab berishi bilan ahamiyatlidir.
Mazkur Strategiyaning asosiy maqsadi bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish, ularni har qanday tazyiq va ekspluatatsiyadan himoya qilish hamda xavfsiz, sog‘lom muhitda voyaga yetishini ta’minlashdan iboratdir. Bugungi kunda bolalarga nisbatan ruhiy va jismoniy zo‘ravonlik holatlari jamiyatning eng dolzarb va og‘riqli muammolaridan biri bo‘lib qolmoqda. Yangi Strategiya aynan ushbu muammolarni tizimli ravishda bartaraf etishga qaratilgan.
Strategiyaning eng muhim va innovatsion yo‘nalishlaridan biri 2026-yil
1-fevraldan boshlab professional tutingan oila xizmatining joriy etilishidir. Ushbu institut bolalarni himoya qilishda mutlaqo yangi yondashuvni shakllantiradi.
Professional tutingan oila an’anaviy vasiylik yoki farzandlikka olish institutidan tubdan farq qiladi. Bu tizim doirasida maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan, ruhiy jarohat olgan bolalar bilan ishlash bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan oilalar faoliyat yuritadi. Bunday oilalarga zo‘ravonlik oqibatida o‘z biologik oilasidan ajratilgan bolalar, zo‘ravonlik xavfi ostida yashayotgan voyaga yetmaganlar hamda ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolga tushib qolgan bolalar joylashtiriladi.
Farmonga muvofiq, professional tutingan oilalar faoliyati aniq huquqiy, moliyaviy va tashkiliy mexanizmlar orqali tartibga solinadi. Ushbu oilalar maxsus ijtimoiy-reabilitatsiya dasturlari asosida tayyorlanadi. Mazkur dasturlar bolalarda mavjud psixologik travmalarni yengillashtirish, ularning jamiyatga moslashuvi, tengdoshlari bilan muloqotini tiklash hamda ijobiy xulq-atvor ko‘nikmalarini shakllantirishga xizmat qiladi. Natijada tutingan oila oddiy g‘amxo‘rlik subyekti emas, balki professional reabilitatsiya muhitiga aylanadi.
Bolalar professional tutingan oilalarga “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari orqali va rasmiy shartnoma asosida joylashtiriladi. Bu esa har bir bolaning huquqlari davlat tomonidan himoya qilinishini, oilaning mas’uliyati esa qonuniy jihatdan mustahkamlanishini ta’minlaydi. Tizim doimiy monitoring va nazorat mexanizmlariga asoslangan holda faoliyat yuritadi.
Professional tutingan oilalar mehnati davlat tomonidan moddiy jihatdan rag‘batlantiriladi. Har bir joylashtirilgan bola uchun oilaga Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasidan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining ikki baravari miqdorida oylik to‘lov belgilanadi. 2026-yil holatiga ko‘ra ushbu summa 2 million 542 ming so‘mni tashkil etadi. Bundan tashqari, bolaning yashashi, ovqatlanishi va kiyim-kechagi bilan bog‘liq xarajatlar ham alohida mablag‘lar hisobidan qoplab beriladi. Bunda oilaviy bolalar uylari uchun belgilangan yuqori standartlar qo‘llaniladi.
Islohotlar doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar uchun kichik hajmli ijtimoiy ko‘mak markazlari tashkil etilishi ham muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu markazlar yirik va yopiq turdagi muassasalar faoliyatini qisqartirish, bolalarni oilaviy muhitga yaqin sharoitda qo‘llab-quvvatlash va ularga tezkor ijtimoiy yordam ko‘rsatishni maqsad qilgan.
Mazkur markazlar dastlab Qashqadaryo, Navoiy va Xorazm viloyatlarida tashkil etiladi hamda 2026-yil yakuniga qadar respublikaning barcha hududlarini qamrab oladi. Ular Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimida faoliyat yuritib, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari bilan uzviy hamkorlikda ishlaydi.
Ilgari zo‘ravonlikka uchragan bolalar asosan yirik mehribonlik uylariga joylashtirilgan bo‘lsa, bugungi kunda psixologik tadqiqotlar bolaning travmadan qadri tiklanishi aynan oilaviy muhitda samaraliroq kechishini tasdiqlamoqda. Professional tutingan oila institute bolalarning yopiq muassasalarda uzoq muddat qolib ketishining oldini oladi, har bir bolaga individual yondashuvni ta’minlaydi hamda zo‘ravonlikning jamiyatdagi uzluksiz zanjirini uzishga xizmat qiladi.
Xulosa qilib aytganda, Prezidentning mazkur farmoni O‘zbekistonda “Inson qadri uchun” tamoyilining amaliy ifodasidir. Professional tutingan oila xizmati shunchaki ijtimoiy loyiha emas, balki mehr va g‘amxo‘rlikni professional darajaga ko‘targan, davlatning eng himoyaga muhtoj qatlam jabrdiyda bolalarga qaratilgan yuksak e’tiborining yorqin namunasidir. 2026-yildan boshlab joriy etiladigan ushbu tizim minglab bolalarning hayotini tubdan o‘zgartirishi, ularga sog‘lom va farovon kelajak sari yo‘l ochishi shubhasiz.
Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash
va malakasini oshirish instituti
bosh mutaxassisi
Mohlaroyim Tolipova


