+998 55 518 57 77

Iqtisodiy nizolarda mediativ kelishuvning yuridik kuchi: u qanday hollarda majburiy ijro qilinadi?

12.06.2026 54

Bugungi kunda iqtisodiy munosabatlarning rivojlanishi bilan tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida turli nizolar kelib chiqmoqda. Bunday nizolarni hal etishning an’anaviy usuli sud orqali himoya qilish hisoblansa-da, so‘nggi yillarda mediatsiya instituti ham samarali alternativ mexanizm sifatida keng qo‘llanilmoqda. Mediatsiya taraflarga vaqt va mablag‘ni tejash, ishchanlik munosabatlarini saqlab qolish hamda o‘zaro maqbul yechimga kelish imkonini beradi.

Mediatsiya bu nizolashayotgan taraflarning mustaqil va xolis vositachi (mediator) ishtirokida ixtiyoriy ravishda kelishuvga erishish jarayonidir. Mediatsiya natijasida taraflar o‘rtasida yozma shaklda mediativ kelishuv tuziladi.

Mazkur kelishuvda taraflarning huquq va majburiyatlari, qarzlarni to‘lash tartibi, majburiyatlarni bajarish muddatlari hamda boshqa muhim shartlar belgilanadi. Shu jihatdan mediativ kelishuv oddiy kelishuv emas, balki taraflar irodasining huquqiy jihatdan rasmiylashtirilgan ifodasi hisoblanadi.

Ko‘pchilik tadbirkorlarda “mediativ kelishuvning kuchi qanchalik?”, “u sud qaroridek majburiy hisoblanadimi?” degan savollar tug‘iladi.

Mediativ kelishuv taraflar tomonidan imzolangan paytdan boshlab ular uchun majburiy ahamiyat kasb etadi. Fuqarolik qonunchiligining shartnomalar bajarilishi shartligi haqidagi umumiy tamoyili mediativ kelishuvlarga ham tatbiq etiladi. Demak, kelishuvda nazarda tutilgan shartlar har bir ishtirokchi tomonidan vijdonan bajarilishi lozim.

Shu bilan birga, mediativ kelishuvning ijrosi ko‘p hollarda taraflarning ixtiyoriy harakatlariga asoslanadi. Mediatsiyaning asosiy g‘oyasi ham aynan o‘zaro kelishuvga asoslangan ijro hisoblanadi.

Amaliyotda ba’zan taraflardan biri o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarni bajarmaydi. Masalan, belgilangan muddatda qarzni to‘lamaydi yoki tovar yetkazib berish majburiyatini bajarmaydi. Bunday vaziyatda mediativ kelishuvni majburiy ijro etish masalasi yuzaga keladi.

Mediativ kelishuv quyidagi hollarda majburiy ijro mexanizmiga ega bo‘lishi mumkin.

Agar iqtisodiy sud ish yurituvida turgan nizo bo‘yicha taraflar mediativ kelishuvga erishsa va sud mazkur kelishuvni tasdiqlasa, u sud hujjati maqomiga ega bo‘ladi. Bunday holda kelishuv shartlari bajarilmagan taqdirda ijro varaqasi berilishi va majburiy ijro choralari qo‘llanilishi mumkin.

Mediativ kelishuv shartlari aniq, tushunarli va bajarish mumkin bo‘lgan tarzda ifodalanishi lozim. Masalan, qarz summasi, to‘lov muddati va tartibi aniq ko‘rsatilgan bo‘lsa, taraflardan biri shartlarni buzganda manfaatdor taraf o‘z huquqlarini sud orqali himoya qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

 Majburiy ijro faqat qonuniy mazmundagi mediativ kelishuvlarga nisbatan qo‘llaniladi. Agar kelishuv davlat yoki jamiyat manfaatlariga, uchinchi shaxslar huquqlariga yoki qonun talablariga zid bo‘lsa, uni ijro etishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Mediativ kelishuvlarni ijro etish sohasida ayrim muammolar ham mavjud. Jumladan, tadbirkorlarning mediatsiya imkoniyatlari haqida yetarli ma’lumotga ega emasligi, kelishuv shartlarining noaniq yozilishi, ayrim hollarda ijro mexanizmlarining amaliyotda bir xil qo‘llanilmasligi, mediativ kelishuvlarning huquqiy ahamiyatini yetarli darajada baholamaslik bo‘lishi mumkin. Bu muammolarni bartaraf etish uchun mediatorlar malakasini oshirish, huquqiy targ‘ibotni kuchaytirish va mediativ kelishuvlarni rasmiylashtirish sifatiga alohida e’tibor qaratish muhim hisoblanadi.

Xulosa qilib aytganda, mediatsiya iqtisodiy nizolarni hal qilishning zamonaviy va samarali usuli hisoblanadi. Mediativ kelishuv esa taraflarning o‘zaro manfaatlarini hisobga olgan holda qabul qilingan huquqiy hujjatdir. Agar u qonun talablariga muvofiq tuzilgan va sud tomonidan tasdiqlangan bo‘lsa, uning ijrosi sud hujjatlari kabi majburiy ta’minlanishi mumkin.

Shuning uchun tadbirkorlar nizolarni hal etishda mediatsiya imkoniyatlaridan faol foydalanishi, mediativ kelishuvlarni esa aniq va huquqiy jihatdan puxta shakllantirishi maqsadga muvofiqdir. Bu nafaqat vaqt va mablag‘ni tejaydi, balki biznes munosabatlarining barqarorligi hamda iqtisodiy muomala ishtirokchilari o‘rtasida o‘zaro ishonchni mustahkamlashga xizmat qiladi.

 

                                                         MUBIN NASULLAYEV

Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash

va malakasini oshirish instituti

dotsenti