+998 71 200 02 35

ATROF-MUHITNI MUHOFAZA QILISHNING KONSTITUTSIYAVIY-HUQUQIY ASOSLARI

15.12.2025 40

Atrof-muhitni muhofaza qilishning konstitutsiyaviy-huquqiy asoslari zamonaviy huquqiy davlatning barqaror rivojlanish strategiyasida markaziy o‘rin egallaydi. XXI asrda ekologik xavfsizlik global xavfsizlikning ajralmas komponentiga aylangan bir paytda, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida qulay va xavfsiz atrof-muhitga bo‘lgan huquqning mustahkamlanishi ekologik siyosatning normativ-huquqiy poydevorini tashkil etadi. Konstitutsiyada har bir shaxsning ekologik sog‘lom yashash muhitidan foydalanish, atrof-muhitning holati to‘g‘risida to‘liq va ishonchli axborot olish, ekologik xavf-xatarlar haqida xabardor bo‘lish huquqlari davlat tomonidan kafolatlanganligi ekologik huquqning huquqiy davlat konsepsiyasidagi o‘rni va mohiyatini chuqur anglatadi. Ekologik axborotning ochiqligi prinsipini konstitutsiyaviy darajada e’tirof etish fuqarolarning ekologik ongini rivojlantirish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish hamda ijtimoiy-ekologik jarayonlarda ishtirokini ta’minlashning eng muhim demokratik mexanizmi sifatida namoyon bo‘ladi.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi 49-moddasida aynan atrof-muhit va ekologiyani muhofaza qilishga doir huquqiy normalar belgilangan. Unga ko‘ra, “Har kim qulay atrof-muhitga, uning holati toʻgʻrisidagi ishonchli axborotga ega boʻlish huquqiga ega. Davlat fuqarolarning ekologik huquqlarini taʼminlash va atrof-muhitga zararli taʼsir koʻrsatilishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida shaharsozlik faoliyati sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratadi. Shaharsozlik hujjatlarining loyihalari qonunda belgilangan tartibda jamoatchilik muhokamasidan oʻtkaziladi. Davlat barqaror rivojlanish prinsipiga muvofiq, atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va muhofaza qilish, ekologik muvozanatni saqlash boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi. Davlat Orolboʻyi mintaqasining ekologik tizimini muhofaza qilish hamda tiklash, mintaqani ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan rivojlantirish yuzasidan choralar koʻradi”.

O‘zbekiston atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida 14 ta xalqaro konvensiya va 20 dan ziyod bitim va memorandumlarda ishtirok etmoqda. Ekologiya vazirligi BMT va boshqa tashkilotlar, jumladan, Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi (XTMI), Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YEXHT) hamda Yevropa Ittifoqi (YEI) bilan hamkorlik qiladi. Mintaqaviy hamkorlik Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi (MOMЕM), Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi (OQXJ) va uning tuzilmalari — Davlatlararo barqaror rivojlanish komissiyasining (DBRK) ilmiy-axborot markazi, DBRK va boshqa platformalar orqali rivojlanmoqda.

Shaharsozlik hujjatlari loyihalarining jamoatchilik muhokamasi orqali qabul qilinishi Konstitutsiyada belgilab qo‘yilgan ekologik demokratlashuvning institutsional ifodasidir. Mazkur mexanizm loyihalashtirilayotgan hududlarning ekologik yuklamasini baholash, potensial ekologik tahdidlarni erta aniqlash, aholining ekologik manfaatlarini ifoda etish va davlat organlari faoliyatining shaffofligini ta’minlashga xizmat qiladi. Bu jarayon urbanizatsiya va ekologik barqarorlik o‘rtasidagi muvozanatni saqlash, shahar infratuzilmasining ekologik talablar asosida shakllanishi hamda ekologik ekspertiza tizimining mustahkamlanishiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Konstitutsiyada belgilangan ushbu talab O‘zbekistonning shaharsozlik siyosatini xalqaro ekologik standartlarga yaqinlashtiradi va ekologik huquqning amaliy tatbiqini kuchaytiradi.

Davlatning barqaror rivojlanish tamoyiliga asoslangan ekologik majburiyatlari Konstitutsiyada alohida aks ettirilgan bo‘lib, ular ekologik muvozanatni saqlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, atrof-muhitni tiklash va ekologik xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni o‘z ichiga oladi. Barqaror rivojlanish konsepsiyasida avlodlararo adolat tamoyili, ekologik resurslarning chegaralanganligi, iqlim o‘zgarishining ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlari, biologik xilma-xillikning global ahamiyati kabi ilmiy-nazariy kategoriyalar ustuvor o‘rin tutadi. Tabiiy resurslarning regeneratsiya imkoniyatlari, ekologik yuklama chegaralari, inson faoliyatining ekologik izini qisqartirish zarurati kabi parametrlar milliy ekologik siyosatning fundamental yo‘nalishlarini belgilaydi. Konstitutsiyaning ekologiyaga oid normalari davlatning iqtisodiy rivojlanishini ekologik xavfsizlik bilan uyg‘unlashtirish, ekologik risklarni boshqarish va iqlim o‘zgarishiga moslashuv strategiyalarini ishlab chiqish bo‘yicha huquqiy asos yaratadi.

Orolbo‘yi mintaqasining ekologik tizimini muhofaza qilish masalasining Konstitutsiyada alohida norma sifatida mustahkamlanishi O‘zbekistonning ekologik siyosati tarixida misli ko‘rilmagan innovatsion yondashuv hisoblanadi. Orol halokati nafaqat mintaqaviy, balki global ekologik inqiroz darajasiga ko‘tarilgan bo‘lib, uning oqibatlari Markaziy Osiyo iqlimiga, aholi salomatligiga, tuproq unumdorligiga va iqtisodiyotning barqarorligiga sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatmoqda. Shu sababli Konstitutsiyada davlatning Orolbo‘yi hududini ekologik jihatdan tiklash, ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, ekologik innovatsiyalarni joriy etish va hududni xalqaro miqyosda ekologik xavfsizlik markaziga aylantirish majburiyatlari belgilangan. BMT tomonidan Orolbo‘yi hududining “ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi” sifatida e’tirof etilishi ushbu yondashuvning xalqaro miqyosdagi o‘rni va ahamiyatini yanada oshiradi. Mintaqani tiklash bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalar — millionlab daraxt ekish, qum ko‘chishining oldini olish texnologiyalarini joriy etish, yashil zonalar yaratish, suv resurslarini boshqarishning zamonaviy modellarini qo‘llash — konstitutsiyaviy majburiyatlarning amaliy ifodasidir.

2021-yilda O‘zbekiston Prezidenti Sh. Mirziyoyev «BMT Bosh Assambleyasining 2021-yil 18-maydagi «Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish to‘g‘risida»gi maxsus rezolyutsiyasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risi- da»gi qarorni imzoladi. 2023-yilda Markaziy Osiyo davlatlari Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi (OQXJ) tashkil etilganining 30 yilligi nishonladi, uning vazifalariga Orolbo‘yi va Orol dengizi havzasini ijtimoiy-ekologik tiklash bo‘yicha chora-tadbirlarni moliyalashtirish va muvofiqlashtirish kiradi. Chora va loyihalar qatoriga Amudaryo deltasida kichik suv havzalarini barpo etish, o‘rmon plantatsiyalarini yaratish va boshqalar kiradi.

Orolbuyi mintaqasida yuzaga kelgan global ekologik muammo 50 mln. nafarga yaqin mintaqa aholisining hayot tarziga salbiy taʼsir ko‘rsatmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyev 2018-yilda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilk marotaba “Bugungi kunning eng o‘tkir ekologik muammolaridan biri – Orol halokatiga yana bir bor eʼtiboringizni qaratmoqchiman. Mana, mening qo‘limda – Orol fojiasi aks ettirilgan xarita. O‘ylaymanki, bunga ortiqcha izohga hojat yo‘q”, deb taʼkidlagan edi. Shu bois, O‘zbekistonda Orol muammosi oqibatlarini bartaraf qilishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, Orol dengizi tubining 2,5 mln. gektarida yangi “yashil makon” yaratilmoqda. Shuningdek, Orol va Orolbo‘yidagi murakkab ekologik vaziyat, aholi genofondini muhofaza qilish, salomatligini yaxshilash hamda ushbu hududda barqaror rivojlanishni taʼminlashga qaratilgan keng ko‘lamli loyihalar amalga oshirilmoqda.

Shu tariqa, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi ekologik xavfsizlikni ta’minlashning ilmiy-huquqiy asoslarini yaratgan mukammal normativ hujjat sifatida maydonga chiqadi. Konstitutsiyada belgilangan ekologik huquqlar va majburiyatlar ekologik siyosatning demokratik, shaffof va barqaror tamoyillar asosida rivojlanishini kafolatlaydi. Qulay atrof-muhitga bo‘lgan huquq, ekologik axborotning ochiqligi, jamoatchilik ishtirokining kuchaytirilishi, shaharsozlik jarayonlarining ekologik ekspertizadan o‘tkazilishi hamda Orolbo‘yi mintaqasini tiklash bo‘yicha davlat majburiyatlarining belgilanishi ekologik xavfsizlik va barqaror rivojlanishning zamonaviy global standartlariga to‘la mos keladi. Bularning barchasi O‘zbekistonning ekologik-huquqiy siyosatini yangi, innovatsion bosqichga olib chiqib, inson farovonligi, jamiyat barqarorligi va ekologik xavfsizlikning uyg‘unlashgan tizimini shakllantirishga xizmat qiladi.

 

 

Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti

bino kamendanti Shayunusova Dilorom Rustamovna