+998 71 200 02 35

Innovatsion iqtisodiyot sharoitida "Buxgalteriya" sohasidagi o‘zgarishlar va yangiliklar

23.06.2025 79

Bugungi kunda faoliyatning turli sohalarida, xususan, buxgalteriya hisobida ilgor axborot texnologiyalaridan foydalanish masalasi tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda, bu esa har qanday obyektni boshqarish tizimining asosiy tarkibiy qismi hisoblanadi. Innovasion iqtisodiyotning rivojlanishi zamonaviy axborot va telekommunikasiya texnologiyalarini takomillashtirishni talab qiladi, bu esa buxgalteriya hisobi uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Axborot texnologiyalaridan foydalanish xarajatlarni kamaytirish, inson omili ta’sirini kamaytirish va ishni tezlashtirish orqali tashkilotlarning raqobatbardoshligini oshirishga yordam beradi. Shu bilan birgalikda, bozor iqtisodiyoti sharoitida deyarli barcha tarmoq va sohalarida ishlab chiqarishni modernizasiyalash, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash tadbirlarining keng ko‘lamda amalga oshirilishi raqobatdosh mahsulotlar ishlab chiqarish imkoniyatlarini kengaytirmoqda. Dunyo iqtisodiyotining yuqori suratlarda rivojlanishi xamda uning xususiyatlari korxona faoliyaning professional yondashuvini talab qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2020 yil 12-may kuni tasdiqlangan «2020-2025 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasining bank tizimini isloh qilish strategiyasi»da zamonaviy axborot kommunikasiya texnologiyalarini keng joriy etish, tijorat banklarining biznes jarayonlarini kompyuterlashtirish va masofaviy bank xizmatlarini kengaytirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish kabi ustuvor vazifalar belgilandi. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti 2020 yil 29-dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida Innovasion iqtisodiyotda tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirishda davlat kompaniyalarini raqamli transformasiya qilishni jadallashtirish kerakligini ta’kidlab o‘tgan edi. O‘zbekistonda iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha va davlat boshqaruvi tizimining jadal raqamli rivojlanishini ta’minlash, shu jumladan elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatish mexanizmlarini yanada takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 5 oktabrdagi Farmoni bilan “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi tasdiqlangan.

Zamonaviy iqtisodiyotda raqamli texnologiyalarning jadal rivojlanishi buxgalteriya sohasini ham o‘zgartirayotgani shubhasiz. O‘zbekistonda davlat tomonidan amalga oshirilayotgan raqamlashtirish siyosati, buxgalteriya tizimlarini avtomatlashtirish va zamonaviylashtirishga katta etibor qaratilmoqda.

Raqamli texnologiyalarni innovasion iqtisodiyotning barcha jabhalariga faol joriy etish sharoitida har qanday korxonaning moddiy va moliyaviy oqimlarini boshqarishni avtomatlashtirishning asosiy vazifasi sifatida buxgalteriya hisobi axborot tizimini ishlab chiqish va yaratish katta ahamiyatga ega. Buxgalteriya axborotlarini raqamli texnologiyalarga transformasiya qilish, yani buxgalteriya hisobini avtomatlashtirish-bu tadbirkorlik va boshqa tashkilotlar faoliyati to‘g‘risida miqdoriy iqtisodiy ma’lumotlarni olish uchun ma’lumotlarni doimiy ravishda qayd etish va tahlil qilish imkonini beruvchi dasturiy vositalar to‘plami yordamida hisob ishlarini amalga oshirish va hisobotlarni tayyorlash jarayonidir. Bu esa oddiy buxgalteriya hisobini «yangicha buxgalteriya hisobi» yoki «raqamli buxgalteriya hisobi»ga o‘zgartirish zaruratini yuzaga keltiradi. Bir hisobdan yangicha qarashlar, kelajak talablariga javob bera oladigan moliyaviy axborotlar tizimini yaratish buxgalteriya hisobi va hisoboti evolyusiyasini chuqur o‘rganishga olib kelsa, ularni avtomatlashtirishni davrlashtirish esa raqamli texnologiyalar yordamida kelajakdagi rivojlanish tendensiyalarini oldindan ko‘ra bilish, yangi hisob obyektlarini aniqlash va hisobotlarning yangicha modellarini taklif qilish imkoniyatlarini ochib beradi.

Hozirgi kunda dunyo iqtisodiyoti innovasiyalarga asoslangan yangi bosqichga o‘tish davrida raqamli texnologiyalar, suniy intellekt, blokcheyn va boshqa zamonaviy yechimlar barcha sohalarda o‘zgarishlarga olib kelmoqda. Shu jumladan, buxgalteriya ham ushbu transformasiyadan mustasno emas. Innovasion iqtisodiyot buxgalteriyani nafaqat hisob-kitob vositasi, balki strategik boshqaruv va tahlil quroliga aylantirmoqda, buxgalteriya tizimlari avtomatlashtirilgan dasturlar orqali amalga oshirilmoqda.

O‘zbekistonda buxgalteriya hisobini avtomatlashtirishda keng qo‘llanilayotgan dasturlardan byudjet va byudjetdan mablag oluvchi tashkilotlarda asosan “UzAsbo” hamda xususiy sektor tizimida asosan "1S:Buxgalteriya 8" dasturlaridir.

Bu dasturlar buxgalteriya va soliq hisobini O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq avtomatlashtirish imkonini beradi. Ushbu dastur orqali quyidagi vazifalar amalga oshiriladi:

· Moliyaviy operasiyalarni hisobga olish: Kassa va bank operasiyalari, tovar-materiallar bilan bog‘liq operasiyalar.

· Soliqlar  hisobi: Soliq hisobotlarini to‘g‘ri va vaqtida tayyorlash.

· Ma’lumotlarning shaffofligi: Hisobotlarning avtomatik shaklda to‘ldirilishi va soliq organlariga elektron shaklda yuborilishi.

· Elektron hisobvaraq-fakturalar tizimi - O‘zbekistonda soliq hisobotlarini soddalashtirish maqsadida "Elektron hisobvaraq-fakturalar" axborot tizimi joriy etilgan. Bu tizim orqali soliq to‘lovchilar elektron hisobvaraq-fakturalarni tezkor va sifatli rasmiylashtirish imkoniyatiga ega bo‘lishadi. Ushbu tizim soliq hisobotlarining avtomatik ravishda to‘g‘ri aks ettirilishini ta’minlaydi .

· Sun’iy intellekt va ma’lumotlarni tahlil qilish - ma’lumotlarni tahlil qilish texnologiyalari buxgalteriyadagi ma’lumotlarning sifatini oshirishga yordam beradi. Bu texnologiyalar orqali moliyaviy xatarlar prognoz qilinishi, xarajatlar tahlil qilinishi va strategik qarorlar qabul qilinishi mumkin.

· Blokcheyn texnologiyasi - buxgalteriyadagi ma’lumotlarning o‘zgarmasligi va shaffofligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega. Bu texnologiya orqali moliyaviy operasiyalarning tarixi saqlanib qoladi va qalbakilashtirishga qarshi kurashish imkoni yaratadi.

· Buxgalteriya autsorsingi - bu buxgalteriya operasiyalari uchun javobgarlikni buxgalteriya hisobi bo‘yicha ixtisoslashgan tashqi xizmat ko‘rsatuvchi provayderga o‘tkazishdir. Bu usulning afzalliklari quyidagilardan iborat:

- Vaqt va resurslarni tejash: Kompaniyalar o’zlarining asosiy bizneslariga e’tibor qaratish imkoniyatiga ega bolishadi.

- Xarajatlarni kamaytirish: Autsorserlar moslashuvchan tariflar orqali buxgalteriya xarajatlarini kamaytirishga yordam beradi.

- Ekspertiza va tajriba: Buxgalteriya hisobi bo‘yicha ixtisoslashgan autsorserlar keng tajriba va bilimlarga ega .

Yuqoridagilardan kelib chiqib, innovasion raqamli transformasiya sharoitida buxgalterlar hisobi va hisobotlari ko‘plab talablar qo‘yiladi, qolaversa ushbu faoliyat bilan shug‘ullanuvchi shaxslar ko‘plab funksiyalar va ko‘nikmalarni bilishlari talab etiladi shuni hisobga olib quyidagi fikrlar o‘rinli deb hisoblaymiz:

• buxgalterlar - buxgalteriya hisobi, jamiyat faoliyatining huquqiy va ijtimoiy jihatlari bo‘yicha professional fikrlarning umumiy konsepsiyasiga asoslanadi;

• ko’plab buxgalterlar hisobi va hisobotlari asosiy foydalanuvchilari soliq idoralari hisoblanadi bu o‘z navbatida ko‘proq boshqaruv qarorlarining soliq to‘lash va uning hisobotlarini shakllantirishga sabab bo‘ladi;

• buxgalteriya hisobotlari bu biznesni rivojlantirish masalalari, shuningdek, ayrim boshqaruv qarorlarining potensial natijalari bo‘yicha tahlil va ekspert xulosalari uchun manbadir;

• buxgalterlar hisobi va hisobotlari bu korxonaning joriy va kelajakdagi faoliyatini tahlil qilishga imkon yaratadi;

• raqamli iqtisodiyot sharoitida har bir buxgalteriya hisobotlari albatta elektron shaklda shakllantiriladi va taqdim etiladi;

• raqamli iqtisodiyot sharoitida buxgalterlar hisobi va hisobotlarini shakllantirish va taqdim etishda eng ilg‘or mahalliy va xorijiy axborot texnologiyalaridan foydalanishni talab etadi;

• raqamli iqtisodiyot sharoitida yangi nazariy izlanishlarni, buxgalteriya hisobini rivojlantirishni va takomillashtirish usullarini ishlab chiqishni taqozo etadi.

Innovasion buxgalteriya tizimlari buxgalter hisobotlarini moliyaviy tahlil vositalari bilan birlashtirmoqda. Natijada, tashkilotlar moliyaviy ko‘rsatkichlarini real vaqtda kuzatish, prognozlash va strategik qarorlar qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.

Innovasion iqtisodiyot buxgalteriya sohasiga ulkan ozgarishlarni olib kirmoqda. Avtomatlashtirish, sun’iy intellekt, blokcheyn kabi texnologiyalar buxgalteriyani zamonaviy biznesning ajralmas qismiga aylantirmoqda. Bu esa buxgalterlarning vazifasi va rolida ham katta ozgarishlarni taqozo etadi.

 

 

Buxgalteriya va reja moliya bo‘limi bosh mutaxassisi (buxgalter)
Alimov Azamat