+998 71 200 02 35

Innovatsion iqtisodiyot sharoitida “Buxgalteriya” sohasidagi o‘zgarishlar va yangiliklar

26.05.2025 145

Zamonaviy iqtisodiyotda raqamli texnologiyalarning jadal rivojlanishi buxgalteriya sohasini ham o‘zgartirayotgani shubhasiz. O‘zbekistonda davlat tomonidan amalga oshirilayotgan raqamlashtirish siyosati, xususan, Raqamli O‘zbekiston - 2030 strategiyasi doirasida buxgalteriya tizimlarini avtomatlashtirish va zamonaviylashtirishga katta eʼtibor qaratilmoqda.

Hozirgi kunda dunyo iqtisodiyoti innovatsiyalarga asoslangan yangi bosqichga o‘tilmoqda. Raqamli texnologiyalar, sunʼiy intellekt, blokcheyn va boshqa zamonaviy yechimlar barcha sohalarda o‘zgarishlarga olib kelmoqda. Shu jumladan, buxgalteriya ham ushbu transformatsiyadan mustasno emas. Innovatsion iqtisodiyot buxgalteriyani nafaqat hisob-kitob vositasi, balki strategik boshqaruv va tahlil quroliga aylantirmoqda, buxgalteriya tizimlari avtomatlashtirilgan dasturlar orqali amalga oshirilmoqda.

· O‘zbekistonda buxgalteriya hisobini avtomatlashtirishda keng qo‘llanilayotgan dasturlardan byudjetdan mablag‘ oluvchi tashkilotlarda “UzАsbo” dasturiy majmuasi hamda xususiy sektor tizimida asosan "1S:Buxgalteriya 8" dasturlaridir.

· Bu dasturlar buxgalteriya va soliq hisobini O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq avtomatlashtirish imkonini beradi. Ushbu dastur orqali quyidagi vazifalar amalga oshiriladi:

· Moliyaviy operatsiyalarni hisobga olish: Kassa va bank operatsiyalari, tovar-materiallar bilan bogʼliq operatsiyalar.

· Soliq hisob: Soliq hisobotlarini to‘g‘ri va vaqtida tayyorlash.

· Maʼlumotlarning shaffofligi: Hisobotlarning avtomatik shaklda to‘ldirilishi va soliq organlariga elektron shaklda yuborilishi.

· Elektron hisobvaraq-fakturalar tizimi - O‘zbekistonda soliq hisobotlarini soddalashtirish maqsadida "Elektron hisobvaraq-fakturalar" axborot tizimi joriy etilgan. Bu tizim orqali soliq to‘lovchilar elektron hisobvaraq-fakturalarni tezkor va sifatli rasmiylashtirish imkoniyatiga ega bo‘lishadi. Ushbu tizim soliq hisobotlarining avtomatik ravishda to‘gʼri aks ettirilishini taʼminlaydi .

· Sunʼiy intellekt va maʼlumotlarni tahlil qilish - maʼlumotlarni tahlil qilish texnologiyalari buxgalteriyadagi maʼlumotlarning sifatini oshirishga yordam beradi. Bu texnologiyalar orqali moliyaviy xatarlar prognoz qilinishi, xarajatlar tahlil qilinishi va strategik qarorlar qabul qilinishi mumkin.

• Blokcheyn texnologiyasi - buxgalteriyadagi maʼlumotlarning o‘zgarmasligi va shaffofligini taʼminlashda muhim ahamiyatga ega. Bu texnologiya orqali moliyaviy operatsiyalarning tarixi saqlanib qoladi va qalbakilashtirishga qarshi kurashish imkoni yaratadi.

• Buxgalteriya autsorsingi - bu buxgalteriya operatsiyalari uchun javobgarlikni buxgalteriya hisobi boʼyicha ixtisoslashgan tashqi xizmat ko‘rsatuvchi provayderga o‘tkazishdir. Bu usulning afzalliklari quyidagilardan iborat:

- Vaqt va resurslarni tejash: Kompaniyalar o‘zlarining asosiy bizneslariga eʼtibor qaratish imkoniyatiga ega boʼlishadi.

- Xarajatlarni kamaytirish: Аutsorsinglar moslashuvchan tariflar orqali buxgalteriya xarajatlarini kamaytirishga yordam beradi.

- Ekspertiza va tajriba: Buxgalteriya hisobi bo‘yicha ixtisoslashgan Аutsorsinglar keng tajriba va bilimlarga ega.

Innovatsion buxgalteriya tizimlari buxgalter hisobotlarini moliyaviy tahlil vositalari bilan birlashtirmoqda. Natijada, tashkilotlar moliyaviy ko‘rsatkichlarini real vaqtda kuzatish, prognozlash va strategik qarorlar qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.

Innovatsion iqtisodiyot buxgalteriya sohasiga ulkan o‘zgarishlarni olib kirmoqda. Аvtomatlashtirish, sunʼiy intellekt, blokcheyn kabi texnologiyalar buxgalteriyani zamonaviy biznesning ajralmas qismiga aylantirmoqda. Bu esa buxgalterlarning vazifasi va rolida ham katta o‘zgarishlarni taqozo etadi.

Normurodov Akmal Soatmurodovich

Buxgalteriya va reja-moliya boʼlimi boshlig'i