MARKAZNING XALQARO ALOQALARI
Yuristlar malakasini oshirish markazi o‘z faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida o‘zining o‘quv-uslubiy, ilmiy –amaliy ishlarini xalqaro me’yorlar darajasiga ko‘tarish maqsadida xorijiy davlatlarning yuridik institutlari, malaka oshirish markazlari va xalqaro tashkilotlar bilan o‘zaro foydali aloqalar o‘rnatishga doimiy e’tibor qaratib kelmoqda. Sud-huquq tizimlari va ularda o‘tkazilgan islohotlarni chuqur o‘rganish, bu borada xorijiy davlatlarning ilg‘or tajribalaridan foydalanish maqsadida Rossiya Federatsiyasi, Armaniston, Bolgariya, Ozarboyjon, Gruziya, Ukraina, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Moldova Respublikalarining yuristlar va sudyalar malakasini oshirish markazlari va institutlari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Markaz vakillari Vengriyaning Budapesht shahrida tashkil qilingan Markaziy va Sharqiy Yevropa mamlakatlari hamda Kavkazorti va Markaziy Osiyo mamlakatlarining yuristlar malakasini oshirish seminarlarida, Moldova Respublikasida o‘tkazilgan Yevropa va MDH mamlakatlaridagi Yuristlar malaka oshirish Markaz va Institutlari direktorlarining seminar anjumanida ishtirok etishdi. Unda rivojlangan va o‘tish davri mamlakatlarining tajribasi asosida Markaz faoliyatini rejalashtirish, tashkillashtirish va mablag‘ bilan ta’minlash masalalari muhokama qilinib, yuridik ta’lim markazlarining mablag‘larini shakllantirish bo‘yicha zaruriy tavsiyalar ishlab chiqildi.
Bundan tashqari, Markaz O‘zbekiston Respublikasida faoliyat ko‘rsatayotgan bir qator xalqaro tashkilotlar (BMT, YeXHT, Xalqaro qizil xoj qo‘mitasi, YuSAID, YuNISEF, YuNDP, GTS, F.Ebert va K.Adenauer fondlari vakillari bilan hamkorlik qilib kelmoqda.
So‘nggi yillarda Markaz sudyalarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha jahon tajribasi, jumladan, Rossiya, AQSh, Kanada, Gollandiya, Bolgariya, tajribasidan foydalanish maqsadida bu mamlakatlardan kelgan sud ta’limi bo‘yicha ekspertlar bilan Markaz professor-o‘qituvchilarining uchrashuvlari va davra suhbatlarini uyushtirdi. Bu uchrashuvlarda xorijiy davlatlarning sudyalar va yuristlar malakasini oshirishda va qayta tayyorlashda o‘quv-treninglar olib borishning zamonaviy hamda interaktiv uslub va texnologiyalari bilan tanishdilar (Aprel, 2004).
2006 yil 15-16 may kunlari Respublika yuristlar malakasini oshirish Markazi YuNISEF (BMT)ni O‘zbekiston Respublikasidagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda “Voyaga yetmaganlar ishi bo‘yicha Yuvenal odil sudlov sohasidagi xalqaro andozalar” mavzui bo‘yicha ikki kunlik trening o‘tkazdi. Treningda Frantsiyaning Voyaga yetmaganlar ishi bo‘yicha sudi sudyasi David Allenios Frantsiya yuvenal odil sudlov tizimi haqida ma’ruza qildi.
2006 yil 17 may kuni Respublika yuristlar malakasini oshirish markazi hamda O‘zbekiston Huquqiy muammolarini o‘rganish markazi bilan hamkorlikda “O‘zbekiston Respublikasini Jahon Savdo Tashkiloti (VTO) ga ya’zo bo‘lib kirishi jarayonida fuqarolik qonunchiligini takomillashtirishning dolzarb masalalari” mavzusida ilmiy-amaliy seminar o‘tkazdi.
2006 yil 24 va 26 may kunlari Respublika yuristlar malakasini oshirish Markazida Germaniyaning O‘zbekistondagi GTS tashkilotining Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasidagi Sherikchilik va hamkorlik shartnomasini amalga oshirish Ko‘mak dasturi (SIPCA III) bilan hamkorlikda “O‘zbekiston sudyalari uchun Yevropa Fuqarolik va Tijorat Huquqi” mavzusi bo‘yicha trening tashkil qilindi. Unda Markazning Xalqaro-huquqiy va inson huquqlari fanlari kafedrasi mudiri Bahodir Ismailov, dasturning ijrochi rahbari janob Klaus Shmitts ma’ruza qildilar.
2006 yil 12 sentyabr kuni Respublika yuristlar malakasini oshirish Markazi fuqarolik huquqiy fanlar kafedrasining katta o‘qituvchisi A.Muxammadiev “Bozor munosabatlari sharoitida fuqarolik huquqi tamoyillarining amal qilishi” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi.
2006 yil 27 - 28 sentyabr kunlari Respublika yuristlar malakasini oshirish Markazi Germaniyaning O‘zbekistondagi GTS tashkilotining Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasidagi Sheriklik va hamkorlik shartnomasini amalga oshirish Ko‘mak dasturi (SIPCA III) bilan hamkorlikda “O‘zbekiston sudyalari uchun Yevropa Fuqarolik va Tijorat Huquqi” yo‘nalishi doirasida “Tovarlarning xalqaro oldi-sotdi Shartnomasi: xalqaro xususiy-huquqiy va qiyosiy –huquqiy jihatlari” mavzusi bo‘yicha trening o‘tkazdi.
2006 yil 18 oktyabr kuni Respublika yuristlar malakasini oshirish Markazida Germaniya Federativ Respublikasi Bremen Universiteti professori, fuqarolik va xo‘jalik huquqi eksperti Rolf Kniper bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. “O‘zbekiston Respublikasining Hakamlik sudlari to‘g‘risida”gi Qonunni ishlab chiqish bo‘yicha ishchi guruhida tarkibida xalqaro ekspert sifatida qatnashgan professor Rolf Kniper Markazda tahsil olayotgan Fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo sudlar sudyalari uchun O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik Kodeksidagi “Vorislik huquqi” bo‘yicha o‘quv mashg‘uloti olib bordi. Mashg‘ulotda Germaniya, Kvebik (Kanada) va O‘zbekiston Fuqarolik qonunchiligida yoritilgan Meros (vorislik) huquqiga oid masalalar qiyosiy tahlil qilindi.
2006 yil 7 noyabr kuni Respublika yuristlar malakasini oshirish markazida Germaniyaning O‘zbekistondagi GTS tashkilotining Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasidagi Sheriklik va hamkorlik shartnomasini amalga oshirish Ko‘mak dasturi (SIPCA III) rahbari Janob Xans Yurgen Xerring va mazkur Dastur rahbarining muovini, yustitsiya va ichki ishlar bo‘yicha yetakchi ekspert Klauz Shmitts bilan uchrashuv o‘tkazildi. Uchrashuvda GTS bilan Markaz o‘rtasida yuristlarning malakalarini oshirish yuzasidan xalqaro tajribalar bo‘yicha hamkorlikning istiqbollari, jumladan, 2007 yilning birinchi yarmida Markazda olib boriladigan mashg‘ulotlar bo‘yicha o‘quv dasturlar, ma’ruzalar mavzulari va mashg‘ulotlarda qatnashadigan tinglovchilar kategoriyalari hamda o‘quv dasturlarining amaliy ahamiyati to‘g‘risida fikr almashildi, o‘quv mashg‘ulotlari uchun xalqaro tajribaning yo‘nalishlari va mavzulari belgilab olindi.
2006 yil noyabr oyida Yevropa Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti tomonidan Markazning Xalqaro huquq va inson huquqlari kafedrasi hamda Markaz kutubxonasi uchun xalqaro ommaviy huquq, xalqaro gumanitar huquq va xalqaro inson huquqlari bo‘yicha xalqaro huquq normalari to‘g‘risidagi hujjatlarni o‘z ichiga olgan 12 xil nomda, uch tilda (o‘zbek, ingliz va rus tillarida) 63 ta kitob taqdim qilindi.
2007 yil 30 yanvar kuni Respublika yuristlar malakasini oshirish Markazida Markaz rahbariyati bilan O‘zbekiston Respublikasidagi Xalqaro qizil xoch qo‘mitasi Markaziy Osiyodagi Mintaqaviy vakolatxona vakillari Raffaelo Myuller, XQXQ Markaziy Osiyodagi Mintaqaviy vakolatxona boshlig‘ining muovini, Per E Dyukrue, axborot, huquqiy va ta’lim dasturlari bo‘limi boshlig‘i, Sayapin Sergey, Xalqaro gumanitar huquq implementatsiyasi bo‘yicha dastur mas’uli o‘rtasida uchrashuv bo‘ldi. Uchrashuvda xalqaro gumanitar huquqqa oid 31 nomdagi kitob Markaz kutubxonasi uchun taqdim qilindi.
2007 yil 5 aprel kuni Respublika yuristlar malakasini oshirish markazida Germaniyaning O‘zbekistondagi GTS tashkilotining Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasidagi Sheriklik va hamkorlik shartnomasini amalga oshirish Ko‘mak dasturi (SIPCA III) bilan hamkorlikda “O‘zbekiston sudyalari uchun Yevropa Fuqarolik va Tijorat Huquqi - Modul 3” yo‘nalishi doirasida “Xalqaro Tijorat Arbitraji” mavzusi bo‘yicha xo‘jalik sudi sudyaligiga nomzodlar va sud ijrochilari ishtirokida trening o‘tkazildi.
Trening maqsadi – “Xalqaro Tijorat Arbitraji”, O‘zbekiston Respublikasi “Hakamlik sudi to‘g‘risida”gi Qonuni hamda Germaniya tijorat arbitraj sudi, Rossiyaning xalqaro arbitraj sudi faoliyati, ularning faoliyatini qiyosiy tahlil qilish orqali tinglovchilarda bilim va malaka hosil qilish. Treningni SIPCA III eksperti Germaniyaning arbitraj instituti professori Piter Kraft va Toshkentdagi huquqiy muammolar Markazi direktori Asyanov Sh.M. olib bordi.
Markaz xalqaro aloqalarni kengaytirish va rivojlantirish bo‘yicha izchil chora-tadbirlarni amalga oshirishda davom etmoqda.





