MARKAZNING QISQAChA TARIXI
Tarixdan ma’lumki, 1954 yilda sobiq Sovet Ittifoqi tarkibidagi respublikalarning Adliya vazirliklari tugatilgan edi. 1971 yilda adliya organlari ittifoq respublikalari miqyosida qayta tashkil etilgan.
SSR Ittifoqining Adliya vazirligi qayta tashkil etilganligi munosabati bilan 1970 yil 1 oktyabrda O‘z.SSR Oliy Soveti Prezidiumining Farmoniga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qayta tashkil etilib, boshqa funktsiyalar bilan bir qatorda vazirlikka respublikadagi tuman (shahar) va viloyat sudlariga rahbarlik qilish va sudyalarni saylanishga tavsiya qilish vazifasi ham yuklatilgan.
O‘z.SSR Adliya vazirining 1971 yil 29 yanvardagi “Adliya xodimlari malakasini oshirish Respublika kurslarini tashkil qilish to‘g‘risida”gi 20-sonli buyrug‘iga asosan adliya organlarining xodimlari, viloyatlar va ularga tenglashtirilgan sudlarning sud a’zolari, rayon (shahar) xalq sudlarining sudyalari va raislari, shuningdek, advokatlar, notariuslar, FHDYo va xalq xo‘jaligi yuridik xizmati xodimlarining malaka oshirish kurslari tashkil qilingan. Bu kurslardagi o‘quv mashg‘ulotlari uchun 2 oylik muddat ko‘zda tutilgan. 1973 yilning aprel oyidan boshlab mazkur muddat xalq sudyalari, viloyat sudlari a’zolari va advokatlar uchun 1 oyga kamaytirilgan.
O‘z.SSR Oliy sud a’zolari, viloyat sudlarining rahbarlari Moskva shahrida SSSR Adliya vazirligi huzuridagi malaka oshirish institutida malaka oshirganlar.
O‘zbekiston Respublikasining mustaqillikka erishishi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994 yil 19 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasida sud va adliya organlari faoliyatini tashkil etish masalalari haqida”gi Qarori bilan Adliya xodimlari malakasini oshirish respublika kurslari asosida Sud va adliya organlari xodimlari malakasini oshirish instituti tashkil qilingan.
1997 yilning 25 iyunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Huquqiy tarbiyani yaxshilash, aholining huquqiy madaniyati darajasini yuksaltirish, huquqshunos kadrlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish, jamoatchilik fikrini o‘rganish ishini yaxshilash haqida”gi Farmoniga ko‘ra Sud va adliya xodimlari malakasini oshirish instituti Respublika yuristlar malakasini oshirish markazi sifatida o‘z faoliyatini boshlagan. Bu paytda Markazda uning 4 ta kafedrasi mavjud bo‘lgan. Bular:
1. Xalqaro-huquq va inson huquqlari kafedrasi
2. Jinoiy-huquqiy fanlar kafedrasi
3. Fuqarolik-huquqiy fanlar kafedrasi
4. Davlat – huquqiy fanlar kafedrasi
Prezident farmoni va Adliya vazirining 2002 yil 2 dekabrdagi 90-um sonli buyrug‘iga asosan Markazning O‘zbekistonda demokratik jamiyat qurish nazariyasi va amaliyoti kafedrasi tashkil qilingan.





